16.07.2026 09:45

Jazirama kunlarida sog‘lig‘ingizni asrang!

Ayni kunlarda yurtimizda jazirama ob-havo hukm surmoqda. Yuqori havo harorati, ayniqsa, bolalar, keksalar, homilador ayollar hamda surunkali kasalliklarga chalingan fuqarolar salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Shu sababli issiq kunlarda sog‘liqni asrash qoidalariga qat’iy amal qilish muhimdir.

Jazirama avvalo yurak-qon tomir tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Issiq ta’sirida yurak urishi tezlashadi, qon bosimi ko‘tarilishi mumkin. Organizm tana haroratini me’yorda ushlab turish uchun ko‘proq energiya sarflaydi, natijada kuchli terlash kuzatiladi va suvsizlanish xavfi ortadi.

Shu bois kunning eng issiq vaqti — soat 12:00 dan 16:00 gacha imkon qadar yopiq, salqin joylarda bo‘lish tavsiya etiladi. Zarurat bo‘lsa, ko‘chaga chiqishda soyali yo‘llardan yurish, soyabon va bosh kiyimdan foydalanish, jismoniy faollikni esa ertalab yoki kechki salqin paytlarga rejalashtirish maqsadga muvofiq.

Uy sharoitida ham salqin muhitni saqlashga e’tibor berish lozim. Kunduz kunlari quyosh tushadigan derazalarni yopib turish, kechasi esa xonalarni shamollatish foydali. Shuningdek, kunning eng issiq vaqtida pech, kir yuvish mashinasi, quritgich kabi qo‘shimcha issiqlik chiqaruvchi maishiy texnikalardan foydalanishni cheklash tavsiya etiladi.

Kiyim tanlash ham salomatlik uchun muhim omil hisoblanadi. Paxta va ipak kabi tabiiy matolardan tikilgan, yengil, keng bichimli va och rangli kiyimlar issiqni yengilroq o‘tkazadi. Sintetik matolardan tikilgan kiyimlardan esa imkon qadar voz kechish kerak.

Ko‘chaga chiqishda keng soyali bosh kiyim kiyish va quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynak taqish tavsiya etiladi. Chunki boshning qizib ketishi issiq urishi xavfini oshiradi.

Tana haroratini me’yorda ushlab turish uchun kun davomida iliq yoki biroz salqin dush qabul qilish foydali. Juda sovuq suvdan foydalanish tavsiya etilmaydi, chunki haroratning keskin o‘zgarishi organizm uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bosh va bo‘yin sohasiga nam sochiq qo‘yish ham organizmni samarali sovitadi.

Issiq kunlarda og‘ir jismoniy mehnat va sport mashg‘ulotlari suvsizlanish, holsizlik hamda issiq urishi xavfini oshiradi. Mashg‘ulotlarni imkon qadar yopiq va salqin sport inshootlarida o‘tkazish, yetarli miqdorda suv ichish va tez-tez dam olish tavsiya etiladi. Agar bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi yoki kuchli holsizlik kuzatilsa, mashg‘ulotni darhol to‘xtatish zarur.

Gipertoniya, yurak-qon tomir kasalliklari, semizlik va boshqa surunkali xastaliklari bo‘lgan fuqarolar esa issiq havoda jismoniy faollikni boshlashdan oldin albatta shifokor bilan maslahatlashishlari lozim.

Unutmang! Jazirama kunlarida oddiy ehtiyot choralariga amal qilish nafaqat sog‘lig‘ingizni, balki hayotingizni ham asrashga xizmat qiladi.

Feruzbek Mamadaliyev
Sanepidqo‘mita Farg‘ona viloyat boshqarmasi Epidemiologiya bo‘limi boshlig'i