26.05.2026 09:05

YOZ O‘TKIR YUQUMLI ICHAK KASALLIKLAR “MAVSUMI”MI?

Yurtimizda o‘z  to‘kin dasturxonini yozib, sahiy yoz hukmronlik qilmoqda. Bugun qaysi bir tomorqa, bog‘, poliz oralamang pishiqchilikning ustidan chiqasiz. Bozorlarimiz peshtaxtalarini ta’riflashga so‘z ojiz.

Ona zaminimizda pishib, yetiladigan meva, poliz, sabzavot mahsulotlari rangin jilosi, shirin-shakarligi, mo‘lu ko‘lligi bilan ko‘zlarni quvnatadi. Agar farzandlarngiz yoningizda bo‘lsa shoshib donasini og‘ziga solib oladi. Hatto ba’zi kattalar ham nafsining gapiga kirib, yuvib yeyish xayolidan ko‘tarilib, mazzasini tatib ko‘radilar. Ana shu paytda ularni o‘tkir yuqumli ichak kasalliklari, uni yuqish hollari haqida  ma’lumotga ega emasliklarini tushunib yetasiz.

Shunda haqli savol tug‘iladi. Xaridor ya’ni bu fuqaro nega kasallikka chalindi? O‘tkir yuqumli kasallik nima? Unga chalinmaslik uchun nimalarga ahamiyat berish kerak? Mazkur savollarga Farg‘ona viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasining  Epidemiologiya bo‘limi mudiri Feruzbek Mamadaliyev javob berdi. 

Kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroorganizmlarni tashqi muhitda saqlanishi, ko‘payishi va tarqalishi uchun omil va sharoitlar yetarli bo‘lgani uchun aholi o‘rtasida, ayniqsa, kasallikka moyil insonlarda turli yuqumli kasalliklarga uchrash holati tez-tez kuzatiladi. 

O‘tkir  yuqumli ichak kasalliklarini turli mikroorganizmlar keltirib chiqaradi. Ular iliq-issiq sharoitlarda ya’ni kech bahor, yoz, kuz fasllarida tez ko‘payadi, ko‘p uchraydi.

Kasallikning yuqish yo‘llari va keltirib chiqaruvchi omillarini quyidagicha talqin qilish mumkin.
- havo harorati yuqori bo‘lgan vaqtlarda qaynatilmagan suvni ichish;
- yaxshi saqlanmagan va uzoq muddat turib qolgan ovqatlarni tanovvul etish;
- ho‘l mevalar va qovun-tarvuzni yuvmasdan iste’mol qilish; 
- ushbu kasallik bilan og‘rigan bemor bilan muloqotda bo‘lganda shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik;
- belgilanmagan ochiq suv havzalarida (ariqlar, favvoralar, kanallar, daryolar va h.k.) cho‘milgan paytlarda suv bilan mikroblarning og‘iz orqali organizmga tushishi;
- bolalarga beriladigan qo‘shimcha ovqatlarni tayyorlash jarayonida sanitariya-gigiyena qoidalari hamda saqlash sharoitlariga rioya qilmaslik;
- kasallik qo‘zg‘atuvchilarini tashuvchi pashshalarning ko‘payishi.

Kasallik alomatlari insonlarda quyidagi holatlarda ko‘zga tashlanadi:
Umumiy holsizlik, qorin sohasida og‘riq bo‘lishi, ishtahasizlik, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, ich ketishi, tananing suvsizlanishi, talvasalanish.

Agar oila a’zoingiz yoki ish joyingizda kimdadir shunday holat kuzatiladigan bo‘lsa: 
Darhol shifokorga murojaat qilish kerak. Suvni qaynatilgan holda iste’mol qilish, ozodalikka rioya qilish, ayniqsa qo‘llarni ovqatdan oldin va hojatdan keyin sovunlab yuvish, uy va jamoat joylarda shaxsiy va umumiy gigiyena qoidalariga rioya qilishni unutmang. Barcha turdagi ho‘l mevalar va poliz mahsulotlarini yuvib iste’mol qiling. Yaxshi saqlanmagan, sifati kafolatlanmagan va uzoq vaqt turib qolgan ovqatlar hamda har xil turdagi  salatlarni tanovvul qilmang. Suv havzalarida cho‘milganda suvlarni tozaligi va cho‘milish jarayonida suv yutmaslikka e’tibor berish muhim hisoblanadi. Sovutgichlarni toza tutish, undagi mahsulotlarni o‘z vaqtida iste’mol qilinishi va yangilab turilishiga e’tiborli bo‘ling. Ho‘l mevalar hamda poliz mahsulotlarini iste’mol qilinganidan so‘ng qaynatilmagan suv ichmaslik, yog‘li ovqatlar bilan birga iste’mol qilmaslik. Kundalik turmushni to‘g‘ri rejalashtirish, jismonan faol bo‘lish. Yosh bolalarni ko‘krak suti bilan boqish, 6 oydan keyin beriladigan qo‘shimcha ovqatlarni tayyorlashda sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilinishi, ular uchun ovqatlarni bir marta ovqatlantirishga yetadigan miqdorda tayyorlash, shu maqsadda ishlatiladigan polietilen va shisha idishlarni yuvilishi hamda qaynatilishini ta’minlash. Pashshalar ko‘payishi va tarqalishiga qarshi kurash tadbirlarini tashkil etish kerak.

Unutmang! Sog‘ligimiz o‘z qo‘limizda, yuqoridagi tavsiyalarga to‘liq amal qilish bilangina o‘zimiz hamda atrofdagilarni yuqumli kasalliklardan asray olamiz. Bu esa nafaqat oila a’zolarimiz, jamoadoshlarimiz, barcha yurtdoshlarimizni sog‘lom, uzoq umr ko‘rishi yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi, albatta.