12.02.2026 10:50

Farg‘ona viloyatida oziq-ovqat xavfsizligi va botulizm profilaktikasiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi

Sanepidqo‘mita Farg‘ona viloyat boshqarmasi hamda Farg‘ona jamoat salomatligi instituti hamkorligida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ovqatdan zaharlanish holatlarining oldini olish hamda botulizm kasalligi profilaktikasiga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.
 
Mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — aholi o‘rtasida sog‘lom ovqatlanish madaniyatini shakllantirish, sifasiz va xavfli oziq-ovqat mahsulotlari iste’molini oldini olish, shuningdek, botulizm kasalligining kelib chiqish sabablari va uni bartaraf etish choralari bo‘yicha tushunchalarni kengaytirishdan iboratdir. 
 
Seminar davomida Sanepidqo‘mita Farg‘ona viloyat boshqarmasi mutaxassisi K. Teshaboyev tomonidan mavzuga doir batafsil ma’ruzalar taqdim etildi. Unda:
—oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash va tayyorlashda sanitariya-gigiyena talablariga rioya etish,
—uy sharoitida tayyorlangan konservalarda botulizm xavfi,
—ovqatdan zaharlanishning dastlabki belgilari va tezkor chora ko‘rish zarurati,
—profilaktik tadbirlarni kuchaytirish masalalari haqida atroflicha ma’lumot berildi.
 
Shuningdek, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar hamda amaliyotda uchrayotgan muammolar yuzasidan fikr almashdilar.
 
Seminar yakunida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va aholi salomatligini muhofaza qilish borasida hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi.