05.02.2026 03:35

Namanganda meva-sabzavotni qayta ishlashda Germaniya tajribasi asosida samarali boshqaruv modeli joriy etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi rahbari U.Xusainov, Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari O. Imomov hamda “Taraz Agriculture Production” kompaniyasi direktori Yorg Andreas Dinkelaker va kompaniya hammuassisi Time Torsten ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
 
Muloqot davomida Namangan viloyatida mevalarni yetishtirishdan boshlab, ularni saqlash, qayta ishlash va eksport qilish majmuasini boshqarish bo‘yicha Germaniya tajribasi taqdimot qilindi. Mazkur tajriba asosida Yangiqo‘rg‘on tumanida namunaviy mevalarni saqlash va eksport qilish majmuasini qurishga kelishildi. 
 
Jumladan, birinchi bosqichda loyiha doirasida kuniga 2 tonna mevani qayta ishlashga mo‘ljallangan uskunalarning yetkazib berilishi (joriy yil yozigacha), keyinchalik quvvatlarni 23 tonnaga (yil oxirigacha) yoki yiliga taxminan 8 ming tonna xomashyoga yetkazish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
 
Shu bilan birga, loyiha doirasida nafaqat ishlab chiqarish jarayonlarini yo‘lga qo‘yish, balki soha mutaxassislarining malakasini oshirish hamda zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish bo‘yicha tizimli o‘quv kurslarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
 
Loyiha maqsadi – quritilgan mevalar, sirka, tabiiy oziq-ovqat qo‘shimchalari ishlab chiqish uchun olma, olxo‘ri va o‘rikni qayta ishlash va kelgusida Namangan brendi ostida tayyorlangan tabiiy mahsulotlarni Yevropa Ittifoqi va Fors ko‘rfazi mamlakatlariga eksport qilishdir. Bu esa nafaqat mahalliy bog‘bonlar uchun kafolatlangan bozor, balki hudud iqtisodiyoti rivoji uchun yangi imkoniyatdir.
 
Ma’lumot uchun, Loyiha amalga oshiriladigan majmua hududida haroratni saqlashning avtomatlashtirilgan tizimlariga ega bo‘lgan omborlar qurilishi, Yevropa va Xitoy mamlakatlarida ishlab chiqarilgan quritish kamerasi va o‘rindiqli quritgichlar, zanglamaydigan po‘latdan tayyorlangan sisternalarni barpo etish ko‘zda tutilgan. Ushbu uskunalar yordamida qayta ishlash orqali eng past sifatli mevalarni ham yuqori qiymatli mahsulotga aylantirish mumkin bo‘ladi.
 
Investorlar Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida bo‘lib, majmua hududi va infratuzilma imkoniyatlarini ko‘zdan kechirishdi. Tabiiy iqlim va qulay logistika sharoitlari loyihaning muvaffaqiyati uchun mustahkam poydevor bo‘lishi ta’kidlandi.