Kuydirgi kasalligi va uning oldini olishda targ‘ibot ishlarining ahamiyati.
Kuydirgi — odam va hayvonlar o‘rtasida yuquvchi, o‘ta xavfli bakterial kasalliklardan biri hisoblanadi. Bu kasallikni keltirib chiqaruvchi — Bacillus anthracis bakteriyasi bo‘lib, asosan uy hayvonlari orqali odamlarga yuqadi. Kuydirgi yuqsa, og‘ir oqibatlarga olib kelishi, hatto inson hayotiga tahdid solishi mumkin.
Yuqish yo‘llari
Kasallik asosan quyidagi yo‘llar bilan yuqadi:
Kasal hayvonlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kontaktda bo‘lish;
Quydirgi bilan kasallangan hayvon go‘shti, jun yoki terisini qayta ishlash;
Ifloslangan suv yoki oziq-ovqat mahsulotlaridan foydalanish.
Mutaxassislar tomonidan olib borilayotgan profilaktik va targ‘ibot ishlari
Kuydirgi kasalligining oldini olishda professional veterinariya va sanitariya mutaxassislarining roli juda katta.
Ular tomonidan:
dehqon va fermer xo‘jaliklarida tushuntirish ishlari: Mutasaddilar aholiga hayvonlarni vaqtida emlatish, ular bilan ishlashda ehtiyot choralarini ko‘rish zarurligini tushuntirilmoqda.
Targ‘ibot seminarlari va uchrashuvlar: Qishloq xo‘jaligi xodimlari va aholi o‘rtasida profilaktikaga bag‘ishlangan seminarlar o‘tkazilmoqda.
Plakat va bukletlar tarqatilishi: Kasallikning belgilarini va undan himoyalanish choralarini aks ettirgan ma’lumot vositalari tarqatilmoqda.
Ommaviy axborot vositalarida chiqishlar: Televideniye, radio va ijtimoiy tarmoqlar orqali jamoatchilik xabardor qilinmoqda.
Nazorat va tekshiruv ishlari: Bozorlar, so‘yish shaxobchalari va hayvon mahsulotlari savdosi bilan bog‘liq joylarda sanitar nazorat muntazam olib borilmoqda.
Aholiga tavsiyalar
Faqat rasmiy ruxsatnomaga ega bo‘lgan joylardan go‘sht va hayvon mahsulotlarini sotib oling.
Uy hayvonlarini o‘z vaqtida emlating.
Kasallik belgilari kuzatilsa, darhol veterinar va tibbiy muassasalarga murojaat qiling.
Terisini ochish, so‘yish, go‘shtni tayyorlashda shaxsiy himoya vositalaridan foydalaning.
Xulosa qilib aytganda, kuydirgi kasalligini oldini olishdagi eng muhim omil — bu aholining xabardorligi va mas’uliyatli munosabatidir. Mutaxassislar olib borayotgan targ‘ibot va tushuntirish ishlari shu maqsadda keng yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularga amal qilish orqali kasallikning oldini olish mumkin.
Viloyatimizda ayni paytda kuydirgi kasalligi bo‘yicha epidemiologik va epizotoologik vaziyat barqaror, chunki bu borada zarur chora-tadbirlar tizimli ravishda ishlab chiqilib, mutaxassislar tomonidan hududlarda muntazam ravishda targ‘ibot va nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
D. Nuriddinova
Sanepidqo‘mita Farg‘ona viloyat boshqarmasi "O‘ta xavfli yuqumli kasalliklar bo‘limi" mutaxassisi.