14.08.2026 10:45

Beshariq tumanida kuydirgi kasalligi bo‘yicha maxsus-taktik amaliy mashg‘ulot o‘tkazildi

Beshariq tumanida Sanepidqo‘mita Beshariq tuman bo‘limi hamda mutasaddi tashkilotlar ishtirokida aholi o‘rtasida kuydirgi kasalligining oldini olish, kasallik aniqlangan holatlarda tezkor va samarali choralarni amalga oshirish maqsadida maxsus-taktik o`quv amaliy mashg‘uloti o‘tkazildi.

Amaliy mashg‘ulot davomida kuydirgi kasalligiga shubhali holat aniqlangan taqdirda amalga oshiriladigan epidemiologik chora-tadbirlar, bemorni aniqlash va izolyatsiya qilish, kasallik o‘chog‘ida epidemiologik tekshiruv o‘tkazish, aloqada bo‘lgan shaxslarni aniqlash hamda ular ustidan tibbiy kuzatuv olib borish tartiblari amalda namoyish etildi.

Shuningdek, kasallikning tarqalishini oldini olishda mutasaddi tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlik, tezkor axborot almashinuvi va belgilangan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida bajarish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Mashg‘ulot jarayonida ishtirokchilarning favqulodda epidemiologik vaziyatlarda harakatlanish ko‘nikmalarini mustahkamlash, kuydirgi kasalligining oldini olish va uning tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
 

Bunday maxsus-taktik mashg‘ulotlarning o‘tkazilishi aholi salomatligini muhofaza qilish, yuqumli kasalliklarning oldini olish hamda favqulodda vaziyatlarda tezkor va muvofiqlashgan harakatlarni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.